AI-FORUM-2026 CTF Championship
2026-yil 12-noyabr kuni Samarqand davlat universitetida (SamDU) bo‘lib o‘tadigan AI FORUM 2026 — Xalqaro sun’iy intellekt forumi doirasida AI-FORUM-2026 CTF Championship nomli kiberxavfsizlik musobaqasi tashkil etiladi. Musobaqaning asosiy maqsadi kiberxavfsizlik va axborot texnologiyalari yo‘nalishida amaliy bilim hamda ko‘nikmalarni rivojlantirish, ishtirokchilarning muammolarni tahlil qilish va texnik yechimlar topish qobiliyatini sinovdan o‘tkazishdan iborat. Ishtirokchilar kriptografiya, veb-xavfsizlik, raqamli kriminalistika (Digital Forensics), teskari muhandislik (Reverse Engineering) va axborot xavfsizligining boshqa yo‘nalishlariga oid turli murakkablikdagi Capture The Flag (CTF) topshiriqlarini bajaradilar. Musobaqa o‘tkazilish tartibi: Oflayn: ishtirok etish rasmiy taklif xatlari asosida shakllantirilgan va tasdiqlangan ro‘yxatdagi ishtirokchilar uchun mo‘ljallangan. Onlayn: musobaqa barcha uchun ochiq. Kiberxavfsizlik va CTF musobaqalariga qiziquvchi istalgan ishtirokchi onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tib, musobaqada qatnashishi mumkin. Muhim: musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari faqat oflayn formatda ishtirok etgan qatnashchilar orasidan aniqlanadi. Onlayn ishtirokchilarning natijalari rasmiy g‘oliblarni aniqlash va sovrinli o‘rinlarni taqsimlashda hisobga olinmaydi. O‘z bilim va ko‘nikmalaringizni sinab ko‘ring, texnik salohiyatingizni namoyish eting hamda sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasidagi xalqaro tadbirning bir qismiga aylaning!